Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasida AQSHning Eksport nazorati va chegara xavfsizligi (EXBS) dasturining O‘zbekiston va Tojikiston bo‘yicha maslahatchisi D.Ekxard va dasturning milliy muvofiqlashtiruvchisi I.Kochetkova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda EXBS dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelugsi yil uchun rejalar atroflicha muhokama qilindi.
2024-yilning aprelda dastur doirasida Bojxona qo‘mitasining chegara bojxona postlari uchun 50 dona ST-40 ko‘rik jamlanmasi beg‘araz ravishda taqdim etilgan bo‘lib, mazkur uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha Bojxona qo‘mitasining 25 nafar xodimiga nazariy va amaliy o‘quv kurslari tashkil etildi.
Uchrashuv doirasida Bojxona qo‘mitasiga mobil skaner uskunalarini taqdim etish, mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha xalqaro seminarlarda O‘zbekiston bojxona xizmati xodimlarining ishtirokini ta’minlash, xususan aviatsiya xavfsizligi yo‘nalishida aviayuklar nazorati va bojxona ko‘rigi mavzusida amaliy o‘quv kursini hamda bojxona xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarni tashkil etishga kelishib olindi.
Tashrif so‘nggida ekspertlar Bojxona qo‘mitasining Targetlash markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.