O'zbekistonning birinchi elchisi Andorra hamraisiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi (qarorgohi Madrid shahrida joylashgan) Farrux Tursunov Andorra hamraisi, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tantanali marosimdan so'ng bo'lib o'tgan muloqot chog'ida diplomat Fransiya rahbariga O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan samimiy salom va ezgu tilaklarni yetkazdi. Emmanuel Makron o'z navbatida, O'zbekiston rahbariga o'z hurmati va minnatdorchiligini bildirib, ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Fransiya yetakchisi O'zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhim vazifa ekanini alohida ta'kidlab, elchining professional diplomatik mahorati mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirishga katta hissa qo'shishiga ishonch bildirdi.
"Biz O'zbekiston bilan do'stona aloqalarni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratamiz va barcha sohalarda hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyormiz", dedi u.
O'zbekiston va Andorra o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 2009-yil 1-dekabrda o'rnatilgan.
Eslatib o'tamiz, Farrux Tursunov O'zbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi sifati 2023-yil 7-dekabr kuni Madrid shahriga tashrif buyurgan edi. Diplomat 2024-yil 9-aprel sanasida O'zbekiston elchisi sifatida Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Shuningdek, Farrux Tursunov mamlakatimizning "BMT Turizm" tashkilotidagi (avvalgi Butunjahon turizm tashkiloti) doimiy vakili hisoblanadi.