Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Iqtisod 18/04/2025 O‘zbekistonlik talabalar xalqaro chempionatda eng yaxshilar qatoridan joy oldi

O‘zbekistonlik talabalar xalqaro chempionatda eng yaxshilar qatoridan joy oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaqinda Belarus Respublikasining Jodino shahrida “BELAZ” OAJ bazasida MDH davlatlarining yetakchi texnik oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida «BELAZ CHALLENGE 2025» nomli mashinasozlik ishlari bo‘yicha xalqaro chempionat bo‘lib o‘tdi.

«BELAZ CHALLENGE 2025» - xalqaro taʼlim loyihasi bo‘lib, u MDH mamlakatlaridagi texnik oliy o‘quv yurtlarining eng yaxshi talabalari orasida tog‘-kon sanoati muammolarini hal etish, mavjud masalalarga istiqbolli yechimlar topish bo‘yicha noyob imkoniyat yaratuvchi platformadir.

Intellektual bahslarda 10 ta jamoa, shu jumladan, O‘zbekistondan NITU “MISIS”ning Olmaliq filiali jamoasi ishtirok etdi.

Mazkur keng ko‘lamli forumda O‘zbekiston sharafini NITU “MISIS” Olmaliq filiali konchilik boshqarmasi jamoasi yuqori tayyorgarlik, muhandislik tafakkuri va jamoaviy ruhni namoyon etgan holda himoya qildi.

Qizg‘in kechgan bellashuvda talabalar umumjamoa hisobida 51 ochko jamg‘arib, Ural davlat konchilik universiteti, Sibir federal universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlari kabi kuchli raqobatchilarni ortda qoldirib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Jamoa tarkibida Muxriddin Jumaqulov, Doniyer Elerov va Kirill Ivanovlar bor edi.

NITU “MISIS” Olmaliq filiali professor-o‘qituvchilari rahbarligida talabalarning chempionatga tayyorgarligi ikki yarim oydan ortiq davom etdi.

Tizimli va intensiv mashg‘ulotlar tufayli talabalarimiz rekord miqdordagi nominatsiyalarni qo‘lga kiritdilar:

- Eng ilg‘or video vizitka;

- "Ichki yonuv dvigatellarining issiqlik holati" ishini hal qilishda eng nostandart yondashuv;

- Talabalar ligasining tan olinishi;

- "BELAZ obyektivda" fototanlovida g‘alaba.

Yakuniy reytingda Olmaliq filiali jamoasi faqat Sankt-Peterburg konchilik universiteti (1-o‘rin – 57 ochko) va Kuzbass texnika universiteti (2-o‘rin – 56 ochko)ga imkoniyatni boy berdi.

NITU “MISIS” jamoasining g‘alabasi nafaqat talabalarning shaxsiy muvaffaqiyati, balki O‘zbekiston texnik taʼlimining xalqaro maydondagi nufuziga qo‘shilgan salmoqli hissadir!

Eslatib o‘tamiz, Filial ikki davlat prezidentlari Sh. Mirziyoyev va V.Putin tashabbusi bilan 2018 yil tashkil etilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling