Valyuta kurslari 18/07/2025
$1 – 12658.19
UZS – -0,79%
€1 – 14672.11
UZS – -1,0%
₽1 – 161.44
UZS – -1,16%
Qidirish
O‘zbekiston 18/07/2025 O‘zbekistonlik talabalar uchun Vengriyada taʼlim grantlari soni oshirilishi bo‘yicha protokol imzolandi

O‘zbekistonlik talabalar uchun Vengriyada taʼlim grantlari soni oshirilishi bo‘yicha protokol imzolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 17 iyul kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vengriya Hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyasining o‘ninchi yig‘ilishi doirasida Stipendium Hungaricum stipendiya dasturi bo‘yicha anglashuv memorandumiga Qo‘shimcha protokol imzolandi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Peter Siyyarto tomonidan imzolandi.

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari uchun taʼlim grantlari bo‘yicha yillik kvota 200 tagacha oshirildi. Bu nafaqat davlatlararo hamkorlikning yuksak darajada ekanligini tasdiqlaydi, balki o‘zbek yoshlariga xorijda, jumladan, Vengriyaning yetakchi universitetlarida, sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Stipendium Hungaricum dasturi O‘zbekiston fuqarolari uchun 2018 yildan beri amal qilib kelmoqda. Shu davr mobaynida 400 dan ortiq talaba Vengriyaning turli universitetlarida muvaffaqiyatli taʼlim oldi va bu orqali akademik hamda shaxsiy rivojlanish uchun imkoniyatlardan foydalandi.

O‘zbekistonlik abituriyentlar orasida ushbu dasturga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani va ikki tomonlama munosabatlar barqaror rivojlanayotganini hisobga olib, Vengriya tomoni kvotalarni bosqichma-bosqich oshirib bormoqda. Taklif etilayotgan taʼlim yo‘nalishlari O‘zbekiston iqtisodiyoti ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Studentlar o‘qishni ingliz yoki vengr tillaridan birini tanlash orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ayniqsa, taʼkidlash joizki, O‘zbekistonning ushbu dasturda ishtirok etishi davlat tomonidan hech qanday moliyaviy majburiyatlarni nazarda tutmaydi.

Barcha xarajatlar — o‘qish to‘lovi, yashash, tibbiy sug‘urta va stipendiya — Vengriya hukumati tomonidan to‘liq qoplanadi. Talabaning yagona xarajati — bu aviachipta narxidir.

Qo‘shimcha protokolda, shuningdek, tanlov jarayonining ochiqligi, shaffofligi va adolatli o‘tishiga oid qoidalar ham kiritilgan bo‘lib, bu dasturda iqtidorli yoshlarning keng ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi.

Ushbu hujjatning imzolanishi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega: u yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning yangi yo‘nalishlarini ochadi, taʼlim, fan va innovatsiya sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi, o‘qituvchilar malakasini oshirishga va zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega yosh mutaxassislar avlodini voyaga yetkazishga zamin yaratadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling