Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Saudiya Arabistonining “Milliy texnologiyalarni rivojlantirish dasturi” (NTDP) tashkiloti rahbari Ibrohim Neyaz bilan IT xizmatlarini autsorsing qilish va uni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekistonda IT xizmatlarini yanada rivojlantirish hamda mahalliy yosh va malakali kadrlarni yuqori daromadli ish o'rinlari bilan ta’minlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, IT Park va NTDP o‘rtasida mahalliy startaplar uchun akseleratsiya dasturini yaratish hamda O‘zbekistonning texnologik salohiyatga ega startaplarini rivojlantirishda hamkorlik qilish masalalariga e'tibor qaratildi.
2025-yil 9-12-fevral kunlari Saudiya Arabistoni, Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadigan IT startaplari uchun tashkil etiladigan “LEAP 2025” tadbirlarida o‘zbekistonlik startaplar ishtirok etish takliflari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish uchun qo‘shma ishchi guruhini tashkil etishga kelishildi. Bu hamkorlik O‘zbekistonning texnologik salohiyatini yanada oshirish hamda IT xizmatlari eksportini rivojlantirishga muhim turtki bo‘ladi.