Valyuta kurslari 18/04/2025
$1 – 12964.43
UZS – -0,23%
€1 – 14744.45
UZS – -0,12%
₽1 – 158.28
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 08/04/2025 O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi kamayishda davom etmoqda

O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi kamayishda davom etmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil mart oyida O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi kamayishda davom etdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi maʼlumotlari guvohlik bermoqda.

Oy davomida mamlakatga 2506 dona yengil avtomobil olib kirildi. Ular umumiy hisobda $39,31 mln ga teng bo‘ldi. 2024 yil mart oyi bilan solishtirganda, import hajmi qiymat jihatidan 2,74 barobarga, miqdor jihatidan esa 1,67 barobarga kamaygan.

Import qilingan avtomobillarning asosiy qismini benzin dvigateliga ega mashinalar tashkil qildi — 1402 dona (1,79 barobarga kamayish). Ularning importi qiymat jihatidan $53,4 mln dan $25,3 mln gacha tushgan (2,11 barobarga kamayish). Bir mashinaning o‘rtacha bahosi qariyb 15% ga arzonlashib, $18,08 mingni tashkil etdi (QQS va bojxona to‘lovlarisiz).

Alternativ energiya manbalarida harakatlanadigan transport vositalarining importi unchalik katta bo‘lmagan darajada qisqardi. Xususan, elektromobillar importi 1,5 barobardan ortiqqa — 1689 donaning o‘rniga 1104 donaga tushdi. Biroq qiymat jihatidan tushish uch barobar bo‘lib, $13,2 mln gacha kamaydi. Elektromobillarning o‘rtacha narxi qariyb ikki barobarga arzonlashib, taxminan $12 mingni tashkil etdi.

Gibrid (benzin va elektr dvigateliga ega) avtomobillar importi esa deyarli to‘xtadi — bor-yo‘g‘i 25 dona mashina olib kirildi (23 barobarga kamayish). Ularning umumiy qiymati $712 ming bo‘lib, bu o‘tgan yilgi darajadan qariyb 19 barobar kam. Shu bilan birga, bir gibrid avtomashinaning o‘rtacha bahosi 22% ga o‘sib, $23,3 mingdan $28,4 mingga yetdi.

Mart oyi yakunlariga ko‘ra import tarkibidagi o‘zgarishlar shunday: benzinli avtomobillar ulushi 59,9% dan 55,95% gacha tushdi, gibridlar — 13,7% dan 1% gacha kamaydi, elektromobillar ulushi esa 40,1% dan 44,05% gacha o‘sdi. Shunday qilib, barcha olib kirilgan yengil mashinalarning 45% dan ortig‘ini yangi energiya manbalarida ishlovchi transport vositalari (NEV) tashkil etdi.

Bundan tashqari, qator uchinchi oy — yanvardan martgacha — O‘zbekiston dizel dvigateliga ega yengil avtomobillarni umuman import qilmadi.

2025 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi 3,26 barobarga kamayib, 6794 dona avtomobilni tashkil etdi.

Importning umumiy qiymati 4,24 barobarga kamayib, $115 mln ga tushdi. Turlari bo‘yicha esa benzinli avtomobillar importi 3,56 barobarga, elektromobillar — 1,94 barobarga, gibridlar — qariyb 24 barobarga kamaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling