Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Iqtisod 24/03/2025 O‘zbekistondagi KQAS loyihasi: barqaror va ekologik toza energetika sari muhim qadam

O‘zbekistondagi KQAS loyihasi: barqaror va ekologik toza energetika sari muhim qadam

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi yillarda O‘zbekiston barqaror energetik kelajakni ta’minlash maqsadida atom energetikasini rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. Xususan, mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha yirik loyiha tatbiq etilyapti.

Bu loyiha energetik resurslarni diversifikatsiya qilish va an’anaviy uglevodorodlarga bog‘liqlikni kamaytirishga qaratilgan. Xalqaro tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda malakali mutaxassislar tayyorlash, huquqiy bazani takomillashtirish va sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ishlari ham olib borilmoqda. 

Bu haqda “O‘zatom” agentligi huzuridagi “AES qurilishi direksiyasi” DKning AES qurilish loyihalarini rejalashtirish va nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Karimjon Yaznonov O‘zA muxbiriga intervyu berdi: 

– Mamlakatimiz energetika tizimining rivojlanishida muhim bosqich hisoblangan O‘zbekistondagi birinchi kichik quvvatli atom stansiyasi (KQAS) qurilishi loyihasi barqaror va ekologik toza energetikaga erishish yo‘lidagi asosiy qadamlardan biri ekanini alohida ta’kidlayman. 

O‘zbekistonda barpo etilishi rejalashtirilgan KQAS 6 ta "RITM-200N" yadro reaktorlariga ega bo‘ladi. Umumiy quvvati 330 MVtni tashkil etadi. Stansiyaning minimal xizmat muddati 60 yil bo‘lib, u yana 20 yilga uzaytirilishi mumkin. 

Xabaringiz bor, ushbu loyihaning bosh pudratchisi “Rosatom” davlat korporatsiyasi va ular bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, pudratchi kompaniya loyihalashtirish, qurilish, ishga tushirish va ekspluatatsiya personalini tayyorlash bo‘yicha to‘liq majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. 

Hozirgi vaqtda ushbu tashabbus loyihalashtirish bosqichida bo‘lib, xalqaro xavfsizlik standartlariga to‘liq muvofiq ravishda amalga oshirilishi ta’minlanmoqda. 

Atom energetikasini rivojlantirish mamlakat energetik xavfsizligini ta’minlashda muhim omildir. Kichik quvvatli atom stansiyalari qurilish muddatining qisqaligi, xavfsizlik darajasining yuqoriligi, avtonom tarzda ishlash imkoniyati hamda mavjud energetik tizimga oson ulanishi bilan ajralib turadi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, KQASning asosiy ob’ektlari, ya’ni yadro oroli, reaktor qurilmalari va ularga bog‘liq tizimlar Rossiya tomonidan ishlab chiqiladi va quriladi. 

Shu bilan birga, loyihaning samaradorliginioshirish va sifatini ta’minlash maqsadida yetakchixalqaro kompaniyalar tajribasidan foydalanishko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda Yevropa, Xitoy va Vengriya kompaniyalari bilan KAESning “yadro oroli”, reaktor qurilmalari va u bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tegishli tizimlar, yordamchi inshootlarni jalb etishda ularda qanday takliflar borligi o‘rganilmoqda va bu yo‘nalishda muzokaralar olib borish rejalashtirilmoqda. 

Biz bu loyihani amalga oshirishda bir nechtayirik xalqaro sheriklarni jalb qilishnirejalashtiryapmiz. Jumladan, Rossiya – atom energetikasida yetakchi davlatlardan biri. U asosiy pudratchi sifatida stansiyaning muhim ob’ektlarini, jumladan, yadro oroli va reaktor qurilmalarini loyihalash va qurish vazifasini bajaradi. Rossiya texnologiyalari o‘z ishonchliligi va samaradorligi bilan butun dunyoda o‘zini namoyon qilgan. 

Fransiya malakali kadrlar tayyorlashda katta tajribaga ega mamlakat.

Loyiha doirasida mutaxassislar malakasini oshirish, ilg‘or tajriba almashish va sertifikatlangan mutaxassislarni tayyorlash uchun Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu kadrlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash va loyihani amalga oshirish samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Xitoy – modulli qurilish va atom stansiyalarini mahalliylashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Yordamchi inshootlarni barpo etishda ularning usullaridan foydalanish imkoniyati o‘rganilmoqda. 

Vengriya – Rossiya texnologiyalari asosida qurilgan AESlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha katta tajribaga ega. Vengriya mutaxassislarini jalb qilish va ularning atom stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha yondashuvlarini o‘rganish rejalashtirilgan. 

Yevropa kompaniyalari esa energiya tejamkor yechimlar, raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etishda sherik sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Atom elektr stansiyasini qurish nafaqat texnologik taraqqiyot, balki malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishida ham muhim talablarni qo‘yadi. Hozirdanoq biz ushbu sohada mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor qaratyapmiz. Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialida o‘qitish jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan.  

Rossiya va boshqa davlatlardagi atom stansiyalarida stajirovkalar tashkil etilmoqda. Bizning maqsadimiz stansiyani xavfsiz ekspluatatsiya qilish va mamlakatda yadro energetikasini rivojlantirish uchun malakali kadrlar tayyorlashdir. 

KQAS loyihasi – O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan strategik investitsiyasi. U energetik xavfsizlikni ta’minlash, uglevodorodlarga bog‘liqlikni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mamlakatni yuqori texnologiyali sanoat sohasiga olib chiqish imkonini beradi. 

Muxtasar aytganda, biz xalqaro hamkorlik, zamonaviy texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislarning sa’y-harakatlari tufayli mamlakatimizdagi birinchi KQAS loyihasini Markaziy Osiyodagi xavfsiz va samarali atom energetikasi namunasiga aylantiramiz. 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling