Valyuta kurslari 19/11/2024
$1 – 12825.01
UZS – 0,1%
€1 – 13552.19
UZS – 0,15%
₽1 – 128.62
UZS – 0,19%
Qidirish
Iqtisod 11/09/2024 O‘zbekistonda zoonoz kasalliklarga qarshi kurash kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda zoonoz kasalliklarga qarshi kurash kuchaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda brutsellyoz kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha trening tashkil etildi.

Ushbu tadbir FAO/USAID umumjahon salomatlik xavfsizligi tashabbusining bir qismi sifatida Oʻzbekistonda inson va hayvonlar salomatligini mustahkamlash, mikroblar rezistentligiga qarshi choralarni kuchaytirish va zoonoz kasalliklarning oldini olishga qaratilgan. 

Brutsellyoz - hayvonlardan odamga ovqat hazm qilish va nafas olish yoʻllari, yalligʻlangan teri orqali yuqadigan infeksion kasallik. Brutsellyozni qoʻzgʻatuvchi “Brucella” bakteriyasi oʻta chidamli hisoblanadi. U muzlatilgan go‘shtda bir yarim yilgacha, xom va pishmagan go‘shtda 30 kungacha, ayrim pishloqlarda 15—40 kungacha, sutda 3—4 kungacha saqlanishi mumkin. Bakteriyaning chidamliligi uni odamlarda tez-tez qayd etiladigan kasallikka aylantiradi.

Trening mashg‘ulotlarida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, laboratoriya mutaxassislari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan veterinar-epidemiologlar ishtirok etdi. Ular brutsellyoz haqida o‘z bilimlarini kengaytirib, emlash orqali ushbu kasallikning oldini olish haqida kerakli ma’lumotga ega bo‘ldilar. Seminarning amaliy qismi Toshkent viloyatida joylashgan chorvachilik fermasida davom etib, unda ishtirokchilar qon namunalari olish, kasalliklarga qarshi kurashish va xavfni baholash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni qo‘lga kiritishdi.

Trening mahalliy mutaxassislarning kasallik tarqalishining oldini olish va nazorat qilish malakasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Veterinariya shifokorlarini ilg‘or bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash orqali FAO va USAID hamda ularning mahalliy hamkorlari mintaqadagi inson va jonzotlar uchun xavfsizroq va sog‘lom muhitni yaratishga hissa qo‘shmoqda. Bu kabi tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat brutsellyoz bilan bog‘liq xavflarni yumshatibgina qolmay, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling