O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiyot forumi doirasida "O‘zatom" agentligi va S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida amalga oshiriladi.
Ushbu hujjat O‘zbekistonda onkologik tibbiy yordamni mukammallashtirish muhimligini inobatga olgan holda, yuqori texnologiyali tibbiyot, xususan, yadroviy tibbiyotni takomillashtirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Bitim PET/KT, siklotron, MRT, KT, gamma-pichoq tizimi, kiber-pichoq yoki yuqori aniqlikdagi chiziqli tezlatkich bilan jihozlangan Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish, radiofarmpreparatlar laboratoriyasini tashkil etishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, radionuklid terapiyasini yo‘lga qo‘yish va izotop tadqiqotlari spektrini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.
S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti (sobiq Xalqaro biologik tizimlar institutining davolash va diagnostika markazi - XBTID DM) 2003-yilda tashkil etilgan. Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishi aholini tashxis qo‘yish va davolashning yuqori texnologik usullari bilan yanada kengroq ta’minlash uchun diagnostika markazlari tarmog‘ini yaratishdan iboratdir.
Bugungi kunda Institut Rossiya va MDH mamlakatlarining 60 dan ortiq shaharlarida joylashgan 80 dan ortiq magnit-rezonans va multispiral kompyuter tomografiyasi diagnostika markazlarini o‘z ichiga oladi. Zamonaviy tomograflar bilan jihozlangan bo‘limlarda yiliga 1,5 milliondan ortiq MRT va KT tekshiruvlari yoki kuniga 4 mingdan ortiq skanerlash tekshiruvlari amalga oshiriladi.
Shuni qo‘shimcha qilish joizki, Bitim imzolanishi avvalida Institut tajribasini o‘rganish maqsadida "O‘zatom" agentligi vakillari zamonaviy onkologiya klinikasi va Proton terapiya markaziga tashrif buyurib, muassasalarning infratuzilmasi va texnologik imkoniyatlari bilan atroflicha tanishdilar.