Valyuta kurslari 04/03/2025
$1 – 12897.20
UZS – 0,06%
€1 – 13449.20
UZS – 0,36%
₽1 – 144.65
UZS – -1,24%
Qidirish
Texnologiyalar 04/03/2025 O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysining faoliyati cheklanadi

O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysining faoliyati cheklanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysining faoliyati cheklanadi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) va Soliq qo‘mitasining qo‘shma bayonotida ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-sonli qaroriga binoan, elektron tijorat operatorlari, jumladan, elektron savdo platformalari faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin. Ushbu norma qarorning rasmiy e’lon qilingan paytidan boshlab kuchga kirgan.

O‘zbekiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatadigan xorijiy marketpleyslar faoliyati o‘rganilganida, bir qator platformalarning elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda mualliflik va turdosh huquqlar sohalaridagi milliy qonunchilik talablariga mos kelmasligi aniqlangan.

“Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025-yil 20-martdan boshlab Temu platformasidan foydalanish cheklanadi”, — deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston fuqarolariga Temuda yangi buyurtmalar berishdan tiyilish, shuningdek, oldin amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha pulni qaytarish jarayonini rasmiylashtirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Soliq qo‘mitasi foydalanuvchilarni hushyor bo‘lishga chaqirib, O‘zbekistonda lokalizatsiya qilinmagan yoki Soliq qo‘mitasining rasmiy ro‘yxatlarida (xorijiy kompaniyalar ro‘yxati, marketpleyslar ro‘yxati) qayd etilmagan xorijiy marketpleyslardan foydalanmaslikni tavsiya qildi. Foydalanuvchilarga ehtiyotkorlik choralari ko‘rish va ro‘yxatdan o‘tmagan platformalarga shaxsiy yoki boshqa turdagi ma’lumotlarni taqdim etmaslik zarurligi eslatildi.

#Temu  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling