Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
O‘zbekiston 24/04/2025 O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish muassasalari xodimlarining 40%dan ortig‘i majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan

O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish muassasalari xodimlarining 40%dan ortig‘i majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 40%dan ortig‘i majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.

Bu holat isteʼmolchilar xavfsizligi va infeksion kasalliklarning tarqalishini oldini olish nuqtai nazaridan jiddiy xavf tug‘diradi. Chunki tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlar salomatlik uchun tahdid soluvchi omillarga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, umumiy ovqatlanish va savdo sohasi xodimlari sanitariya talablariga rioya qilishlari, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Bu talablar 2003 yil 13 fevraldagi Vazirlar Mahkamasining №75-sonli va 2022 yil 14 iyuldagi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan qabul qilingan №14-sonli qarorlar bilan tasdiqlangan.

Qonunchilikka muvofiq, ish beruvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlarni ishga jo‘natishga haqli emaslar. Bunga rioya etilmasligi — mijozlar sog‘lig‘i uchun tahdid hisoblanadi.

Qo‘mita tomonidan 380 ta umumiy ovqatlanish korxonasida tanlab olingan tekshiruvlar o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 2800 nafardan ortiq xodimlardan 1164 nafari (41%) tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani aniqlangan.

Hududlar kesimida vaziyat turlicha:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 128 nafar xodimdan 84 nafari ko‘rikdan o‘tmagan;

Farg‘ona viloyati — 393 nafardan 150 nafar;

Surxondaryo viloyati — 301 nafardan 123 nafar;

Sirdaryo viloyati — 1126 nafardan 304 nafar;

Namangan viloyati — 185 nafardan 163 nafar;

Jizzax viloyati — 337 nafar xodimning hech biri tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.

Ushbu maʼlumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 21 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish muassasalari (restoran, kafe, oshxona va boshqalar) faoliyat yuritmoqda. Ularda sanitariya talablariga rioya qilish va xodimlar hamda mijozlar xavfsizligini taʼminlash eng muhim vazifa hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling