O‘zbekistonda umra tashkil etish uchun litsenziya olish bo‘yicha arizalar qabul qilinishi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Diniy ishlari bo‘yicha qo‘mita turoperatorlardan umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya olish bo‘yicha arizalar qabul qilishni boshladi. Bu haqda maʼlumot qo‘mitaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi.
Arizani ko‘rib chiqish uchun murojaat etuvchi 3 BHM (1,12 mln so‘m) miqdorida to‘lov qilish lozim, litsenziya berilishi uchun esa 10 BHM (3,75 mln so‘m) miqdorida davlat boji belgilangan. Arizalar 7 martdan 7 aprel 18:00 gacha qabul qilinadi. Qo‘shimcha maʼlumot olish uchun qo‘mitaning 71−207−17−58 (ichki 124) telefoniga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrda Vazirlar Mahkamasi ziyorat turizmni tashkil etish huquqiga ega kompaniyalar ro‘yxatini tasdiqlagan edi. Unga 12 kompaniya kiritilgan bo‘lib, ulardan olti tasi Toshkentdan, uchtasi Namangandan, bittadan kompaniya esa Andijon, Marg‘ilon va Urganchdan.
Talablarga muvofiq, umra ziyoratini tashkil etuvchi kompaniyalar “Ziyorat” jamg‘armasiga $1 mln miqdorida mablag‘ kiritishi va Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot bilan shartnoma tuzishi lozim. Ular ziyoratchilarning tibbiy xizmatlari, oziq-ovqati, mehmonxonada joylashishi va sayohat bilan bog‘liq boshqa masalalar uchun javobgar hisoblanadi.