Valyuta kurslari 28/03/2025
$1 – 12913.19
UZS – 0,03%
€1 – 13908.80
UZS – -0,19%
₽1 – 154.17
UZS – 0,57%
Qidirish
Texnologiyalar 21/03/2025 O‘zbekistonda TEMU marketpleysi bloklandi

O‘zbekistonda TEMU marketpleysi bloklandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Xitoy marketpleysi Temu ga kirish bloklandi.

Saytni ochishga urinishda foydalanuvchilar «5 sentyabr 2018 yildagi Vazirlar Mahkamasining 707-sonli qarori asosida axborot manbasiga kirish cheklangan» degan xabarni ko‘rishmoqda.

Platformaning mobil ilovasi ham barqaror ishlamay, uzilishlar bilan ishlamoqda.

Temu ga nisbatan cheklovlar qo‘llanilishi mumkinligi haqida mart oyi boshidayoq maʼlum bo‘lgan edi. Milliy istiqbolli loyihalar agentligi va Soliq qo‘mitasining qo‘shma bayonotida, 2024 yil 26 dekabrdagi 885-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, elektron tijorat operatorlari, jumladan, onlayn savdo platformalari faqatgina O‘zbekistonda rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar bo‘lishi kerakligi taʼkidlangan. Mazkur meʼyoriy hujjat rasman eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kirgan.

O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan xorijiy marketpleyslar tahlili jarayonida milliy qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlangan. Buzilishlar elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, isteʼmolchilar huquqlari hamda mualliflik va turdosh huquqlar sohalariga taalluqli bo‘lgan.

Shu sababli, 2025 yil 20 martdan boshlab Temu ga O‘zbekiston hududida kirish cheklanishi eʼlon qilingan. Biroq marketpleys O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan taqdirda mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyatini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

18 mart kuni Soliq qo‘mitasi Temu yuridik shaxs sifatida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgani va soliqqa tortish tizimiga kirganini maʼlum qildi. Ammo davlat organi taʼkidlashicha, kompaniyaning oldingi faoliyat davrlariga oid masalalar hali ham hal qilinmagan, shu bois hozirda muzokaralar olib borilmoqda.

Barcha rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng, Temu ning O‘zbekistondagi kelgusi faoliyati bo‘yicha yakuniy qaror eʼlon qilinadi.

#Temu  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling