Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreyaning “AHA Co., L” kompaniyasi Farg‘ona viloyatida maktablar uchun aqlli doskalar va elektr transport vositalarini quvvatlantirish shoxobchalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do o‘rtasida korxona tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Farg‘ona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida “AHA Co., Ltd” kompaniyasida bo‘lib, bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mazkur kompaniya 1995-yilda tashkil topgan bo‘lib, ta’lim texnologiyalari (EdTech), sog‘liqni saqlash va elektr transport vositalarini (EV) zaryadlash qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning Yaponiya, Germaniya, Qozog‘iston va AQSHda xalqaro filiallari tashkil etilgan bo‘lib, 2024-yil holatiga ko‘ra, kompaniyaning bozor kapitallashuvi 28,88 mln. dollar, umumiy savdo daromadi 55,9 mln. dollarni tashkil etdi.
Kompaniya rahbari Ku Gi Do faoliyati haqida so‘z yuritib, so‘nggi yillardagi zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari va mahsulotlari bo‘yicha ma’lumot berdi. O‘zbekistonda ham hamkorlikda biznes qilish istagi borligini bildirdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘onada loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishini, hamkorlikka tayyorligini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda Kimpo va Koyan shaharlarining Savdo-sanoat palatasi rahbarlari, 20 mingdan ziyod tadbirkorlari borligini, O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni tanishtirish muhimligini qayd etdi.
Delegatsiya a’zolari kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunida AHA Co., Ltd kompaniyasi bilan viloyatimizda maktablar uchun smart doskalar hamda elektromobillar uchun zaryadlovchi stansiya qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.