O‘zbekistonda sayyohlar uchun premium toifali transport xizmati yo‘lga qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm xizmati sifati va qulayligini oshirish, shuningdek, shinam transportga bo‘lgan talab ortib borayotganini inobatga olgan holda, Turizm qo‘mitasi huzuridagi «Sayyohlarga xizmat ko‘rsatish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun premium toifadagi avtotransport vositalarini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi.
Tashabbus zamonaviy, xalqaro standartlarga javob beradigan turistik infratuzilmani rivojlantirish hamda O‘zbekistonning mehmondo‘st va yuqori darajada rivojlangan turistik destinatsiya sifatidagi ijobiy imijini mustahkamlashga qaratilgan.
Yangi avtoparkga Mercedes-Benz toifasidagi reprezentativ klassdagi yengil mashinalar, Sprinter mikroavtobuslari hamda zamonaviy turistik avtobuslar kiradi.
Barcha avtotransport vositalari klimat-nazorat tizimi, simsiz internet, qulay charm salonlar bilan jihozlangan va xorijiy tillarni biladigan malakali haydovchilar xizmat ko‘rsatadi.
Xizmatlar aeroportlardan transfer, shahar ichidagi va shaharlar orasidagi safarlar, ekskursiya yo‘nalishlari hamda individual va guruhli turlarni tashkil etishda taqdim etiladi.
Ushbu tashuvlar, ayniqsa, xalqaro forumlar, ishbilarmonlik tadbirlari, rasmiy delegatsiyalarning tashriflari va VIP mehmonlarni qabul qilish doirasida katta talabga ega.
Turizm qo‘mitasi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi xavfsiz, qulay va zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish yuzasidan tizimli ishlarni davom ettirmoqda.