O‘zbekistonda repatriatsiya qilingan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Milliy ijtimoiy himoya agentligida Agentlik direktori o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayev, Yevropa komissiyasining Tashqi siyosiy vositalar xizmati dasturlar menedjeri Lea Triyes hamda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘limi rahbari Antoniya Luedeke ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida repatriatsiya qilingan fuqarolarni, xususan, ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihaning oraliq natijalari va keyingi rejalari muhokama qilindi.
Alohida eʼtibor bolalar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy moslashuv, tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish hamda mahalla darajasida oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barqaror mexanizmlar yaratish masalalariga qaratildi.
Loyiha mamlakatda inklyuziv va barqaror ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga xizmat qilayotgan muvaffaqiyatli tashabbus sifatida yuqori baholandi.
Agentlik hamkorlikni davom ettirish va o‘z samaradorligini isbotlagan tajribalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.