O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 5 mlrd kVt⋅soatga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 6-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 5 mlrd kVt⋅soatni tashkil qildi.
Bugungi kunda mamlakatimizning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 119 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi dastlabki quyosh elektr stansiyalari tarmoqqa ulanganidan soʻng 2022-yili 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
Oʻtgan yili respublikamizning 7 ta viloyatida joylashgan 9 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kVt·soatni tashkil qildi.
Bundan 26 kun oldin, 2025-yil 10-iyun kuni soat 12:00 da joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etilgan edi.
Kecha, 6-iyul holatiga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 5 mlrd kVt⋅soatga yetdi. Bu oʻtgan vaqt mobaynida kuniga oʻrtacha 26,7 mln kVt·soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olindi, deganidir.
Mazkur generatsiyaning 3 mlrd 125,4 mln kVt⋅soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 mlrd 915,1 mln kVt⋅soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
1 mlrd 515 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
atmosferaga 2 mln 220 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Qolaversa, joriy yil boshidan bugun, 7-iyul soat 08:00 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 8 mlrd 736,9 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 20,3 foizini tashkil qiladi.
Buning natijasida:
2 mlrd 647 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
atmosferaga 3 mln 879 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 7 million 280 mingta xonadonning olti oylik yoki 3 million 640 mingta xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.