O‘zbekistonda “Pitch and Rise” tanlovi doirasida ayollar startapchiligi uchun ilk milliy akselerator dasturi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Texnologik tadbirkorlik sohasida ayollar va qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga murabbiylik qilishga bag‘ishlangan mamlakatdagi ilk maxsus akselerator dasturi - SG Women - shu hafta butun O‘zbekiston bo‘ylab rasman ishga tushirildi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda va ayollarning g‘oyalarini real biznesga aylantirishlariga ko‘maklashuvchi tizimli treninglar, murabbiylik, hamjamiyat qurish tadbirlarini taklif qiladi. Shuningdek, u vazirlikning raqamli inklyuziyani kengaytirish va yoshlar innovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng qamrovli strategik maqsadlariga xizmat qiladi.
Dastur O‘zbekistonning barcha hududlaridagi ayollar uchun startaplar olamiga kirish eshigini ochadi. Ishtirokchilar master-klasslarda qatnashadi, tajribali murabbiylardan maslahatlar oladi va o‘zaro fikrlashuvchi ayollar tarmog‘iga qo‘shiladilar. Dastur amaliy loyiha ishlab chiqish jarayonini o‘z ichiga oladi va ommaviy taqdimotlar bilan yakunlanadi. Eng faol qatnashchilar keyingi bosqich murabbiylik va rivojlanish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.
Dasturning ochilishi Pitch & Rise nomli tadbir orqali nishonlandi. Ushbu tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Startup Garage platformasi hamkorligida tashkil etildi. Bir necha ayol tadbirkorlar o‘z g‘oyalarini taqdim etdi, g‘oliblarga esa IT sohasida yoshlar, ayollar va frilanserlar bilan ishlash hamda O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish bo‘yicha maslahatchi Kamola Sobirova tomonidan mukofotlar topshirildi.
“O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda, va ayollar bu jarayonning markazida turishmoqda,” dedi Kamola Sobirova. “Startaplardan raqamli texnologiyalargacha -ayollar o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Ayollarga qaratilgan dasturlar va Pitch & Rise kabi tadbirlar ularning yetakchilikka tayyorligini yaqqol ko‘rsatmoqda.”
Tashabbus doirasida muntazam uchrashuvlar, muvaffaqiyatli ayol asoschilar bilan podkastlar hamda norasmiy tarmoq tadbirlari o‘tkaziladi. Barcha faoliyatlar ayollarga ochiq, inklyuziv va barcha hududlarni qamrab oluvchi tarzda ishlab chiqilgan — shuning uchun yirik shaharlardan uzoqda yashovchi ayollar ham birdek imkoniyatga ega bo‘ladi.
“SG WOMEN bu shunchaki dastur emas — bu bayonot,” dedi Startup Garage asoschisi Muhammad Xalil. “Biz O‘zbekistonning har bir burchagidan chiqqan ayollar real bizneslar yaratadigan, o‘ziga ishonch hosil qiladigan va innovatsiyalar sohasida yetakchilikka intiladigan muhitni barpo qilyapmiz. Ulkan ochilmagan salohiyat bor, bu esa endigina boshlanishi.”
SG Women dasturi mamlakatning raqamli transformatsiya bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlariga uyg‘un bo‘lib, nafaqat ayol tadbirkorlar uchun yangi ufqlarni ochmoqda, balki O‘zbekistonning yanada inklyuziv, innovatsion va raqobatbardosh iqtisodiyot sari uzoq muddatli qarashlariga ham bevosita hissa qo‘shmoqda.