Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2024-yil yakuni bo‘yicha o‘rtacha oylik maosh 5,36 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yil yakunidagi 4,56 mln so‘mdan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
2024-yilning yanvar-dekabr oylarida o‘rtacha nominal ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (9 072,4 ming so‘m), Navoiy viloyati (6 766,1 ming so‘m), Toshkent viloyati (5 097,9 ming so‘m), Andijon viloyati (4 616,1 ming so‘m) va Buxoro viloyati (4 343,9 ming so‘m)da qayd etilgan.
Shuningdek, ish haqining o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi hududlar quyidagilar bo‘ldi: Toshkent shahri (121,4%), Samarqand viloyati (117,6%), Sirdaryo viloyati (116,7%), Namangan viloyati (116,5%) va Farg‘ona viloyati (115,1%).
2024-yil 1-oktyabrdan e’tiboran minimal ish haqi miqdori o‘zgartirilib, 1 155,0 ming so‘m etib belgilandi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha maoshlar
2024-yil yanvar-dekabr oylarida eng yuqori o‘rtacha oylik maosh bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachiligi sohalarida qayd etildi – 15,26 mln so‘m.
Axborot va aloqa sohasida ish haqi 13,15 mln so‘mga, tashish va omborlashtirishda – 8,11 mln so‘mga, sanoat sohasida – 6,44 mln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori.
Shu bilan birga, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘rtacha ish haqi nisbatan past bo‘lib, tegishli ravishda 3,64 mln so‘m va 3,41 mln so‘mni tashkil etdi.
Sanoat sohasida eng yuqori ish haqi qazib olish sanoatida (9,13 mln so‘m), elektr ta’minoti, gaz, bug‘ va havoni konditsionerlashtirishda (7,47 mln so‘m), shuningdek, qayta ishlash sanoatida (6,18 mln so‘m) qayd etildi.
Sanoatdagi eng yuqori ish haqi Navoiy viloyati (9,66 mln so‘m), Toshkent shahri (7,48 mln so‘m), Andijon viloyati (6,6 mln so‘m), Toshkent viloyati (6,23 mln so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (6,1 mln so‘m) kuzatildi.
Qurilish sohasida eng yuqori ish haqi Toshkent viloyatida (8,57 mln so‘m), Navoiy viloyatida (7,32 mln so‘m) va Toshkent shahrida (7,17 mln so‘m) qayd etildi.
Savdo sohasida, ayniqsa, avtomobil va mototsikllar savdosi hamda ta’mirlash sohasida ish haqi eng yuqori bo‘lib, 7,77 mln so‘mni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich boshqa chakana savdo sohasida kuzatildi – 5,67 mln so‘m.
Savdo sohasida eng yuqori ish haqi Toshkent shahri (7 mln so‘m), Jizzax viloyati (6,89 mln so‘m) va Buxoro viloyatida (5,49 mln so‘m) qayd etildi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax viloyati (245,9%), Surxondaryo viloyati (161,0%) va Farg‘ona viloyatida (159,3%) kuzatildi.
Tashish va omborlashtirish sohasida ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi ombor va transport yordamchi xizmatlari (9 599,9 ming so‘m)da kuzatildi. Eng past ish haqi pochta va kurer xizmatlarida qayd etildi (3 875,0 ming so‘m).
Eng yuqori ish haqi Samarqand viloyati (9 921,4 ming so‘m), Toshkent shahri (9 280,2 ming so‘m) va Xorazm viloyati (8 944,9 ming so‘m)da qayd etildi.
Axborot va aloqa sohasida eng yuqori ish haqi kompyuter dasturlashtirish, konsalting va yordamchi xizmatlarda kuzatildi – 18 288,6 ming so‘m. Eng past ish haqi aloqa sohasida qayd etildi – 10 917,1 ming so‘m.
Axborot va aloqa sohasida eng yuqori ish haqi Toshkent shahri (14 857,6 ming so‘m), Andijon viloyati (9 024,6 ming so‘m) va Samarqand viloyatida (8 944,7 ming so‘m) qayd etildi.
Bank, sug‘urta va kredit vositachiligi sohasida eng yuqori ish haqi sug‘urta va qayta sug‘urta qilishda kuzatildi – 17 848,5 ming so‘m. Eng past ish haqi moliyaviy xizmatlarda qayd etildi – 15 004,1 ming so‘m.
Eng yuqori ish haqi Toshkent shahri (18 904,4 ming so‘m), Andijon viloyati (14 317,9 ming so‘m) va Navoiy viloyatida (13 258,1 ming so‘m) qayd etildi.
Ta’lim sohasida eng yuqori ish haqi oliy ta’limda (8 562,1 ming so‘m), eng past ish haqi esa maktabgacha ta’limda (1 963,3 ming so‘m) kuzatildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida eng yuqori ish haqi Toshkent shahri (4 313,9 ming so‘m), Xorazm viloyati (3 700,8 ming so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (3 648,4 ming so‘m) qayd etildi.