Valyuta kurslari 30/01/2025
$1 – 12968.34
UZS – -0,05%
€1 – 13492.26
UZS – -0,36%
₽1 – 132.32
UZS – -0,56%
Qidirish
O‘zbekiston 28/01/2025 O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlik muhokama qilindi

O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlik muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 24-25-yanvar kunlari Toshkent viloyatida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan tashkil etilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminar 2025-yil – «Ekologiyani muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili» doirasida soha rivojlanishiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tufayli o‘rmonlarni saqlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidladi, biroq mavjud kamchiliklarga ham e’tibor qaratdi.

Seminarda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Zinoviy Novitskiy va Turkiyadan taklif qilingan ekspert Ahmet Yalvach ma’ruza qildilar.

Xorijiy tajriba va resurslarni jalb qilishning ahamiyati muhokama qilindi. O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Mo‘hitdinov Jahon banki, KOICA va FAO bilan amalga oshirilayotgan loyihalar ekologiyani yaxshilash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda muhim ekanini ta’kidladi.

Jahon banki vakili Asferasiu Abate «O‘zbekistonda barqaror landshaftlar orqali barqaror turmush» loyihasi nafaqat tabiatni asrash, balki aholi turmush darajasini oshirishga ham hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Loyiha o‘rmon xo‘jaligini mustahkamlash, o‘rmonlarni raqamli monitoring qilish, o‘rmon va shifobaxsh o‘simliklar bilan bog‘liq daromad manbalarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

KOICA mutaxassisi Yun Tegsun 2024-2028-yillar uchun mo‘ljallangan loyiha haqida so‘zlab berdi. Loyihaga “aqlli” texnologiyalar yordamida o‘rmonlarni tiklash, issiqxonalar qurish, pista ko‘chatlari yetishtirish, tadqiqot stansiyasini barpo etish va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlari kiradi.

FAOning bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov o‘rmon va yaylovlardan barqaror foydalanish loyihasi O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga moslashishi va tabiiy resurslarni samarali foydalanishiga yordam berishi haqida ma’lumot berdi.

Seminar doirasida O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling