Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Moliya 11/06/2025 O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik bo‘yicha kengash tuziladi — Mirziyoyev

O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik bo‘yicha kengash tuziladi — Mirziyoyev

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik bo‘yicha kengash tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan IV Xalqaro investitsiya forumida maʼlum qildi.

Davlat rahbari taʼkidlashicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki tomonidan mamlakatda bank sektori, sug‘urta tizimi va kapital bozorida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘liq qo‘llab-quvvatlangan.

«Yaqinda biz Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston moliya sektori holatining ilk batafsil tahlilini amalga oshirdik. Hamkorlarimiz tomonidan bank tizimi, moliya sektori, sug‘urta va fond bozoridagi islohotlarimizga to‘liq qo‘llab-quvvatlash bildirildi», — dedi Prezident.

U taʼkidlashicha, ushbu sohalarni yana-da rivojlantirish maqsadida mamlakatda Moliyaviy barqarorlik bo‘yicha kengash tashkil etiladi, shuningdek, Markaziy bank huzurida kiberxavfsizlik va fintex masalalari bo‘yicha maxsus platformalar faoliyat yuritadi.

Prezident sug‘urta tizimidagi islohotlarga alohida to‘xtalib, Milliy qayta sug‘urta kompaniyasi tashkil etilayotgani va Global raqamli qayta sug‘urta platformasi ishga tushirilayotganini maʼlum qildi.

Shu bilan birga, Prezident alternativ moliya instrumentlarini rivojlantirishga — xususan, venchur investitsiyalariga — katta eʼtibor qaratdi.

«Startaplar uchun moliyalashtirishning alternativ manbalari — venchur investitsiyalari — jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston tarixida ilk bor ikkita mahalliy startap qiymati bir milliard dollardan oshib ketdi. Bunday kompaniyalar sonini ko‘paytirish niyatimiz bor», — dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, alternativ investitsiya fondlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani va keyingi besh yilda venchur hamda boshqa alternativ investitsiyalarning hajmini bir milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling