O‘zbekistonda mehnat migratsiyasiga oid qonunchilikni takomillashtirish rejalashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 8-yalpi majlisida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur Qonun fuqarolar va mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqishi hamda chet el fuqarolarining hamda boshqa davlatlar hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatimizda mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida jalb etilishi bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soladi.
Muhokama jarayonida Qonunni qayta ko‘rib chiqishni talab etuvchi bir qator masalalar mavjudligi taʼkidlandi.
Jumladan, ayrim davlat organlarining mazkur sohadagi vakolatlarini so‘nggi maʼmuriy islohotlardan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, xorijga ishga yuboruvchi tashkilotlarga Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda mehnat shartlariga rioya etilishini o‘rganish huquqini berish muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, xorijga ishga yuboruvchi tashkilot tomonidan majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, mehnat migrantini O‘zbekistonga qaytarish jarayoni Agentlik tomonidan amalga oshirilishi va xarajatlarni yuboruvchi tashkilot mablag‘lari hisobidan qoplash mexanizmini Qonunda mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomani berish, uning amal qilishini to‘xtatish, tugatish yoki bekor qilish asoslarini ham qayta ko‘rib chiqish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, tasdiqnoma uchun undiriladigan yig‘im miqdori yuzasidan aniq huquqiy mexanizmlarni belgilash zarurligi qayd etildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Qonunni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq, deb topildi va mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.