Valyuta kurslari 10/01/2025
$1 – 12940.44
UZS – -0,17%
€1 – 13336.42
UZS – -0,31%
₽1 – 126.85
UZS – 2,56%
Qidirish
Iqtisod 11/01/2025 O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk GTES qurilishi amalga oshiriladi

O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk GTES qurilishi amalga oshiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Dunyo miqyosida energetika yo‘nalishida yildan-yilga “yashil” energiya manbalariga alohida urg‘u berilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh, shamol, gidroenergiya) ni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi quvvatlar hajmini istiqbolli loyihalar orqali oshirishga eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada, moslashuvchan energo taʼminoti tizimini shakllantirish hamda rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega.

Aytish joizki, yangi bosqichda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi GESlar loyihalari bilan bir qatorda, yurtimizda mutlaqo yangi yo‘nalishda – gidroto‘plovchi elektr stansiyalar (GTES) ni barpo etish rejalashtirilgan.

Joriy haftada mamlakat energetika sohasi rivoji uchun muhim bo‘lgan loyihalarni xalqaro standartlar va xavfsizlik mezonlarini qo‘llagan holda amalga oshirish maqsadida, Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 252-son Qaror hamda 2024-yil dekabr oyida “Ugam kichik GESlar kaskadi” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish uchun amalga oshirilgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga muvofiq, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya jahonda GTESlar qurish bo‘yicha yuqori tajribaga ega bo‘gan Xitoyning bir qator yirik nufuzli kompaniyalariga tashrif buyurdi.

Ushbu tashriflar davomida davlatimizda rostlovchi quvvatlar barpo etish yuzasidan “China Southern Grid” va “Huaneng” kompaniyalarining birinchi rahbarlari bilan tor doirada muzokaralar olib borildi va istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

Xitoy kompaniyalari bilan yurtimizda “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosida Yuqori Pskem GTES qurilishi” va “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Xo‘jakent GTES qurilishi” investitsiya loyihalarini hamkorlikda rivojlantirishga qaratilgan ishlar tahlil qilindi.

Tashrif davomida mazkur Xitoy kompaniyalarining moslanuvchan gidroenergiya quvvatlarini ekspluatatsiya qilish tizimi va jarayoni bilan yaqindan tanishildi.

Alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda qurilishi rejalashtirilgan GTES loyihalari Markaziy Osiyodagi ilk tajriba hisoblanadi. Bu ham mamlakatimizning ushbu sohadagi o‘ziga xos yutuqlaridan biridir.

Ushbu tajriba almashinuvi davomida “O‘zbekgidroenergo” AJ binosida tashkillashtirilgan zamonaviy “Vaziyatlar markazi” bo’yicha fikr almashildi. Xususan, ushbu markaz faoliyati “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi suv omborlari va GESlarni xavfsiz faoliyat yuritishini nazorat qilishga qaratilganligi ma’lum qilindi. Bundan kelib chiqib, xitoylik mutaxassislar mamlakatimizda yaratilgan energetika tizimini e’tirof etgan holda, yaqin kunlarda “Vaziyatlar markazi”ni ko‘rish uchun yurtimizga tashrif buyurish istagini bildirdi.

Maʼlumot uchun: Gidroto‘plovchi elektr stansiyasi (GTES) (nasosli akkumulyatsiyalovchi elektr stansiya) – ishlash tarzi boshqa elektr stansiyalardan olinadigan elektr energiyasini suvning potensial energiyasiga aylantirib (akkumulyatsiyalab), keyin zarur bo‘lganda uni qayta elektr energiyaga aylantirib, energiya tizimi (energotizim)ga beradigan gidroelektr stansiyadir.

GTESning gidrotexnika inshootlari, asosan, baland-past joylashgan ikkita suv hovuzidan va biriktirish quvurlaridan iborat. GTES binosidagi gidroagregatlar uch yoki ikki mashinali bo‘lishi mumkin. Birinchi holda bitta val ga elektr mashina (dvigatel-generator), gidroturbina va nasos, ikkinchi holda esa elektr mashina va gidromashina o‘rnatiladi.

Gidromashina aylanish yo‘nalishiga qarab ham nasos, ham turbina sifatida ishlaydi. Yangi qurilayotgan GTESlarga iqtisodiy jihatdan tejamli bo‘lgan ikki mashinali agregatlar o‘rnatiladi.

Elektr tarmoqlarida ortiqcha elektr energiya bor paytlarda (masalan kechasi) shu ortiqcha energiya GTES uchun suvni pastki hovuzdan yuqoriga, yaʼni akkumulyatsiyalovchi hovuzga ko‘tarishga sarflanadi.

Elektr tarmoqlarda ko‘proq energiya talab qilinganda, yuqori hovuzdagi suv quvurlardan GTESning turbina rejimida ishlaydigan gidroagregatlariga yuboriladi. GAESda olingan tok elektr tarmoqlarga qaytarib beriladi. Suv esa, pastki hovuzga yig‘iladi.

Energetika tizimida yuzaga kelgan ortiqcha energiya resurslari aynan GTES obyektlarini nasos rejimida ishlatish orqali suvni pastki hovuzdan yuqoriga, akkumulyatsiyalovchi hovuzga ko‘tarish orqali samarali tarzda sarflanadi. Energetika tizimida energiyaga talab ortib ketgan kunning tig‘iz (pik) davrida (kunduzi 07:30 dan 10:00 gacha, kechasi 17:00 dan 21:00 gacha) yuqori havzadagi suv GTES generatsiya rejimida ishlashi uchun turbinalarga yuboriladi. GTESdan olingan elektr energiyasi tarmoqlarga shu tariqa optimal tarzda samarali qaytarib beriladi. Suv esa qaytadan pastki hovuzga yig‘iladi.

Mazkur sa‘y-harakatlar natijasida butun mamlakat aholisi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha obyektlari sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta‘minlanishiga zamin yaratadi.

GTESlarning ishga tushirilishi natijasida iste‘molning eng yuqori yuklama (tig‘iz) paytida, ayniqsa, sovuq va issiq mavsumlarda sodir bo‘ladigan elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olishga muhim hissa qo‘shadi. Bugungi kunda o‘sib borayotgan mamlakatimiz aholisini hisobga olgan holda, energiya iste‘molining tobora ortib borishida yuzaga kelayotgan elektr energiyasi muammolariga ijobiy yechim bo‘ladi.

Shuni ham ta‘kidlash joizki, mazkur loyihalar qurilishi hamda ekspluatatsiya davrida qariyb 1500 ta aholi doimiy va mavsumiy ish bilan ta‘minlanadi, mavjud gidroenergetik salohiyat hajmi yanada ortadi hamda ko‘zda tutilgan yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmi keskin oshishiga erishiladi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling