Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xabaringiz bor, ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Malayziyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida bir qator muzokaralar olib borilmoqda.
Xususan, muzokaralar davomida mamlakatimizda krevetka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Kelishuvga muvofiq, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida Malayziyaning yirik kompaniyalaridan biri — “Market Boy” bilan hamkorlikda krevetka yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha Malayziyaning ilg‘or texnologiyalari asosida yo‘lga qo‘yilib, respublikamizda akvakultura rivojiga xizmat qiladi.
Muhimi, ushbu krevetkalar Malayziyaning xalqaro darajadagi halol sertifikati bilan ta’minlanadi. Bu esa mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatini oshiradi. Halol oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqori ekanini inobatga olsak, bu loyiha O‘zbekistonning eksport salohiyatini ham kengaytirishi mumkin.
Krevetka yetishtirish loyihasi nafaqat ichki bozor uchun, balki eksportbop mahsulot ishlab chiqarish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu sohaning rivojlanishi esa hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Malayziya tajribasiga asoslangan ushbu hamkorlik loyihasi O‘zbekiston agrar sohasining diversifikatsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.