Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
O‘zbekiston 11/07/2025 O‘zbekistonda kuydirgi tarqalishining oldini olish uchun nazorat kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda kuydirgi tarqalishining oldini olish uchun nazorat kuchaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘ngi vaqtlarda qo‘shni respublikalar, hususan Tojikiston va Qozog‘istonda hayvonlar o‘rtasida kuydirgi bilan kasallanish holatlari ko‘payganligi, Qozog‘istonda esa hatto epizootik holat avj olganligi, epidemiya kelib chiqmasligi uchun karantin joriy etilganligi haqida “Asia Today” axborot vositalari orqali xabarlar berilgan.

Xo‘sh kuydirgi qanday kasallik, uni oldini olish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak ushbu savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Farxod Qurbonbekov bilan suhbatlashdik.

Kuydirgi (Cibir yarasi) – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan xavfli infeksion kasallik bo‘lib, asosan hayvonlardan yuqadi.

Kuydirgi o‘ta havfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. organizmning umumiy zaharlanish holati, bezgak tutishi hamda teri, o‘pka va ichaklar zararlanishi bilan ta’riflanadigan infeksion kasallikdir. Kuydirgi kasalligi bilan barcha turdagi qishloq xo‘jalik, yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi.

Odamlarga kasallik asosan kuydirgi kasalligi bilan kasallangan hayvonni parvarish qilgan paytda, veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan xayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda yuqishi mumkin, Kuydirgi kasalligidan o‘lgan hayvon terisi va junidan tayyorlangan har xil mo‘yna buyumlar orqali ham kasallik yuqishi mumkin. Hatto 100 darajada qaynatilgan go‘sht ham xavfli bo‘lishi mumkin faqat to‘liq qizdirilgan, ichida pushti joy qolmagan go‘sht xavfsiz hisoblanadi.

Kuydirgi kasalligi aksariyat hollarda teri shaklida (98,0 – 99,0 foiz) uchraydi va kasallikning bu turida bemor to‘liq tibbiy davo muolajalaridan so‘ng, hech qanday asoratsiz sog‘ayib ketadi.

Kasallikning septik, ichak, o‘pka shakllari ham mavjud bo‘lib, juda og‘ir kechadi va odatda o‘lim bilan tugaydi.

Kasallikning “teri yarasi” shaklidagi yara boshqa yaralardan tubdan farq qiladi:

-  yaraning og‘riqsiz bo‘lishi (agar ikkilamchi infeksiya qo‘shilmagan bo‘lsa);

-  yara ustini ko‘mirga o‘xshash qora po‘stloq qoplashi;

-  yara atrofi qizarib, shish paydo bo‘lishi;

-  ba’zida yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari yallig‘lanib, kattalashishi kuzatiladi (limfadenit).

Shuningdek, yara atrofida pufaksimon toshmalar paydo bo‘lishi ham mumkin.

Kuydirgi yarasi asosan badanning ochiq qismlarida (qo‘l, oyoq, yuz, bo‘yin) ko‘proq uchraydi.

Bunday holatlarda zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur. Ayrim holatlarda bemorlar yaraning ustidagi qora po‘stloqni o‘tkir tig‘li jismlar yordamida olib tashlashga urinishadi va natijada kasallikning teri shakli septik shakliga o‘tib, kasallik o‘lim bilan yakun topishi mumkin.

Shu sababli, badanda yara paydo bo‘lsa va bu yaraning paydo bo‘lishi kasallangan mollarni suyish, terisini shilish, go‘shtini maydalash va oshqozon – ichaklarini hamda kalla – pochasini tozalash bilan bevosita bog‘liq deb hisoblansa, unda zudlik bilan hududiy davolash – profilaktika muassasalariga murojaat qilish kerak.

Kuydirgi kasalligini kelib  chiqishini oldini olish uchun quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilish kerak:

-  xonadonlarda boqilayotgan chorva mollarini hududiy veterinariya xodimlari tomonidan kuydirgi kasalligiga qarshi har yili bir marotaba albatta emlatish zarur;

-  chorva mollarini uy sharoitida so‘yish taqiqlangan. Ularni faqat qushxonalarda va so‘yish maydonchalarida, veterinariya xodimi nazorati ostida so‘yish kerak;

-  kasallangan chorva mollarini nobud bo‘lmasligi uchun ularni uy sharoitida majburiy so‘yish zaruriyati yuzaga kelganda, bu tadbir albatta veterinariya vrachi ishtirokida amalga oshirilishi zarur;

-  kasallik alomatlari kuzatilganligi sababli so‘yilgan chorva mollarining go‘shti, terisi va kalla-pochalarini qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatish yoki bozorlarda sotishga faqat veterinariya xodimining xulosasi asosida ruxsat beriladi;

-  veterinariya xodimlari chorva mollarida kuydirgi kasalligiga gumon qilsa yoki aniqlasa, bunday hayvonlarni so‘yish mumkin emas, o‘lgan mol, qo‘y tanasi kuydirish yo‘li bilan yo‘qotilishi shart;

-  mahallalarda majburiy so‘yilgan va ko‘cha-kuylarda sotilayotgan chorva mollari go‘shti xatarli bo‘lishi mumkin, shu sababdan go‘shtni faqat do‘konlardan va bozorlardan xarid qilish tavsiya etiladi, chunki ular tekshirilgan va xavfsizligi kafolatlangan bo‘ladi.

"Kasallangan chorva molini so‘ygan va so‘yishda ishtirok etgan odamda bir hafta mobaynida qo‘lida yoki tanasining boshqa joylarida yara paydo bo‘lsa, darhol hududiy shifoxonaga murojaat qilishi zarur. Uyda o‘zi bilganicha davolanish og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shifoxonalarda bunday xastaliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolash uchun barcha sharoit yaratilgan." — taʼkidladi qoʻmita.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling