O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar yonidagi yashil hududlarni betonlashtirish taqiqlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar atrofidagi yer qoplamlari va yashil hududlarda o‘zboshimchalik bilan beton qoplash, qurilish ishlari olib borish va turli inshootlar o‘rnatish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Mazkur chora-tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” Strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Qaror keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, shuningdek, ekologiya sohasidagi ilmiy hamjamiyatning takliflari inobatga olinib qabul qilindi. Bu qadam shaharlar va aholi punktlarida hosildor tuproq qatlamini muhofaza qilish hamda yashil hududlarni saqlashga qaratilgan.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarni loyihalash, qurish va foydalanishga topshirishda oqova, yomg‘ir suvlari va texnik suvlardan foydalangan holda sug‘orish tizimlarini majburiy o‘rnatish talabi joriy etiladi.
2025 yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash va ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha qator tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, piyoda va velosiped yo‘laklari bo‘ylab daraxtlar va o‘simliklar ekish orqali «Soyali sayr ko‘chalari» tarmog‘ini yaratish rejasi bor. Shuningdek, yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlari ham amalga oshiriladi.