O‘zbekistonda iqtisodiy va sanoat zonalari yaratiladi: birinchisi “Namangan” MEZ bo‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 6 martdagi PF-41 son Farmoni bilan maxsus iqtisodiy zonalar endilikda faqatgina eksportga yo‘naltirilgan loyihalarga ixtisoslashgan, maydoni o‘ralgan maxsus eksport zonasi turida ham tashkil qilinishi mumkin.
Ana shundan zonalardan birinchisi – “Namangan” maxsus eksport zonasi tashkil etiladi.
“Namangan” MEZ ishtirokchilari tomonidan chetdan olib kiriladigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga joylashtiriladi. Bunda ushbu hududga joylashtirilgan tovarlar bojxona to‘lovlarini to‘lash va iqtisodiy siyosat choralarini qo‘llash maqsadida bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi.
“Namangan” MEZ ishtirokchilariga respublika korxonalari tomonidan yetkazib berilgan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar, ko‘rsatilgan xizmatlar eksportga tenglashtiriladi. Bunda “Namangan” MEZ ishtirokchilari tomonidan ichki bozorga sotilgan tovarlar importga tenglashtirilib, tegishli bojxona va soliq to‘lovlari undiriladi.
2025 yil 1 iyundan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lamagan holda “tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.