Valyuta kurslari 20/03/2025
$1 – 12926.51
UZS – -0,07%
€1 – 14092.48
UZS – -0,51%
₽1 – 156.00
UZS – -1,76%
Qidirish
O‘zbekiston 19/03/2025 O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratlarini noqonuniy tashkil etgan 19 sayyohlik agentligi jarimaga tortildi

O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratlarini noqonuniy tashkil etgan 19 sayyohlik agentligi jarimaga tortildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-son qaroriga asosan “Haj” tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, “Umra” tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktabrdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi 668-son qarori asosida amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamizki, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj-umra markazi hamda 12 ta tadbirkorlik subyektlari vakolatli hisoblanadi.

Ular: “Ihlos travel 1”, “Yuksak travel Air”, “Muhtasham travel” MChJ, “Musaffo turizm xizmati”, “Risola travel lux”, “Xorazm umra jamiyati”, “Hikmat Umra Travel”, “Real Dreams”, “Travel with family”, “Sofa Marva tour”, “B2 Management” hamda “Safar time exclusive”.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda mutasaddi idoralar hamkorligida “Haj” va “Umra” ziyoratlarini tartibga solish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rilmoqda.

So‘nggi ikki oyda “Haj” va “Umra” ziyoratini qonunga xilof ravishda tashkil etishning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra:

– “Umra” litsenziyasiga ega bo‘lmasdan, ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi;

– “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida “Umra” faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 24 ta turfirmada tekshiruv o‘tkazildi hamda ularning 19 tasiga 75 mln so‘mdan jarimalar qo‘llanildi (5 tasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunchilikka asosoan Raqobat qo‘mitasiga va Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy ko‘rib chiqish uchun yuborildi).

Qonunchilikka ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni litsenziyaga ega boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻrsatish taqiqlangan.

Shuningdek, fuqarolarni Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra vizasiz yuborish taqiqlanadi.

Umra safariga borishdan oldin har qanday “turfirma”ning Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan taqdim etilgan “Umra litsenziyasi” borligini oldindan tekshirish tavsiya etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling