O‘zbekistonda gibrid avtomobillar uchun ekologik sertifikatlashtirish: senator izoh talab qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nomiga rasmiy senatorlik so‘rovi yo‘lladi.
Murojaat sababi — mamlakat hududiga olib kirilayotgan gibrid avtomobillarning ekologik sertifikatlashtirilishi bilan bog‘liq tug‘ilayotgan savollar va tushunmovchiliklardir.
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonga olib kirilayotgan gibrid avtomobillarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida “Yevro-4” ekologik toifasidan kam bo‘lmaganligini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab etilayotgani jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, ushbu transport vositalari “Yevro-5” yoki “Yevro-6” ekologik standartlariga javob beradigan elektrodvigatellar bilan jihozlangan holda mamlakatimizga olib kirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi 50-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ekologik sertifikatlash tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo‘lmasa, transport vositasi identifikatsiya yo‘li bilan baholanishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarorida “gibrid avtomobil” tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy “M” va “N” toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda.
Shundan kelib chiqib, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduxakimovga:
- respublikamizda faoliyat olib borayotgan ekologik sertifikatlash organining tashkiliy-huquqiy asoslari, faoliyatini tartibga solish tartib-taomillari;
- avtomobillarni ekologik standartdan o‘tkazuvchi akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalari, ularning moddiy-texnik bazasi, avtomobillarni sinovdan o‘tkazish qamrovi va imkoniyatlari;
- elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni rasmiylashtirish jarayonida ekologik sertifikat olish to‘g‘risidagi talabning meʼyoriy-huquqiy asoslari;
- arizani ko‘rib chiqish, ekologik sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va ekologik sertifikat berish yoki uni berishni rad etish yuzasidan ishlar qiymati bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdori masalalariga aniqlik kiritish bo‘yicha tushuntirish berish so‘rab senator so‘rovi yubordi.
Mazkur senator so‘rovi orqali mavjud tartibning taʼminlanishi, joriy etilgan amaliy mexanizmlarda shaffoflikka erishish hamda tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha qiyinchiliklarga va ovoragarchilikka duch kelmasligi maqsadi nazarda tutilgan.