Valyuta kurslari 15/01/2025
$1 – 12971.00
UZS – -0,01%
€1 – 13308.25
UZS – 0,64%
₽1 – 126.04
UZS – -0,45%
Qidirish
O‘zbekiston 14/01/2025 O‘zbekistonda “Fuqarolarning sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi

O‘zbekistonda “Fuqarolarning sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilmagan qo‘shimcha tibbiy yordam ko‘rsatishni huquqiy tartibga solish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmida belgilanganidan ortiqcha tibbiy yordam va boshqa xil qo‘shimcha xizmatlar, shuningdek, oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasi bo‘lmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan fuqarolarga pulli asosda tibbiy yordam ko‘rsatish taklif etilmoqda.

Mazkur qonunning 41-moddasiga esa tibbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlaganlik to‘g‘risida diplom olgan shaxslarga mavjud malaka toifasini olish tizimi ichida avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Loyiha yuzasidan ko‘tarilgan qator savollarga qonun tashabbuskorlari batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali himoya qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida fuqarolarga qo‘shimcha tibbiy yordam va oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri pullik asosda tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

E’tiborlisi, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, asosiysi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalar va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling