Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda turli xil tamaki mahsulotlari, jumladan elektron sigaretalar va nikotin yetkazib berish qurilmalari aylanmasini taqiqlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari hujjatni birinchi o‘qishda batafsil ko‘rib chiqishni boshladi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda tamaki va nikotin mahsulotlarining “zamonaviy” va “innovatsion” turlari, xususan, nikotinni yetkazib berish moslamalari, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar hamda qizdiriladigan tamaki mahsulotlarining mamlakatimizga qonunga xilof ravishda olib kirish holatlari va aylanmasi ortib bormoqda. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlarni aholi, ayniqsa, yoshlar orasida iste’mol qilish holatlari ko‘paydi.
Ushbu qonun loyihasi bilan respublika hududida ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining, shu jumladan, elektron sigaretalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, o‘tkazish maqsadida ularni saqlash, tashish yoki o‘tkazish taqiqlanmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishga nisbatan ta’sirchan chora sifatida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishini nazarda tutilyapti.
Qabul qilingan choralar nikotin saqlovchi mahsulotlarni iste’mol qilishni kamaytirish va aholi salomatligini mustahkamlashga yordam beradi.