Valyuta kurslari 22/08/2025
$1 – 12413.79
UZS – -0,42%
€1 – 14468.27
UZS – -0,34%
₽1 – 154.86
UZS – -0,36%
Qidirish
Iqtisod 20/08/2025 O‘zbekistonda biznes uchun asosiy muammo sifatida elektr energiyasi va gaz taʼminotidagi uzilishlar saqlanmoqda

O‘zbekistonda biznes uchun asosiy muammo sifatida elektr energiyasi va gaz taʼminotidagi uzilishlar saqlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Elektr energiyasi va gaz taʼminotidagi uzilishlar hali ham biznes uchun eng katta to‘siq bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yilning ikkinchi choragidagi biznes kayfiyatlari tahliliga bag‘ishlangan hisobotida qayd etilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, aprel-iyun oylarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida biznes yuritish sharoiti yaxshilanganini respondentlarning 51 foizi taʼkidladi. Bu birinchi chorakdagi ko‘rsatkichdan 5 foizlik punktga yuqori. Musbat baholar asosan bank xizmatlari sifati oshishi va kreditlash imkoniyatlarining kengayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu kabi ijobiy o‘zgarishlarni so‘rovda qatnashganlarning 56 foizi qayd etgan.

Shu bilan birga, maʼmuriy tartibga solish, bozordagi monopoliya darajasi, soliq maʼmuriyatchiligi, litsenziya va ruxsatnomalar olish jarayonlarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Gaz va elektr taʼminoti holati bo‘yicha esa uch chorak davomida kuzatilgan pasayishdan keyin maʼlum darajada yaxshilanish kuzatilgan. Shuningdek, yo‘l infratuzilmasi yaxshilanganini qayd etgan respondentlar ulushi sakkiz foizlik punktga oshdi. Yoqilg‘i va energiya isteʼmoli o‘sish surʼatlari pasayganiga qaramay, qishloq xo‘jaligi, yetkazib berish xizmati, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida energiya sarfi yuqori bo‘lib qolmoqda.

Yuk tashish hajmlari yetti punktga o‘sdi, ayniqsa qishloq xo‘jaligi, maishiy xizmat va logistika yo‘nalishlarida. Shu bilan birga, ishchi kuchiga talab ham ana shu tarmoqlarda, shuningdek, ishlab chiqarish sohasida ortib bordi.

Markaziy bank qishloq xo‘jaligi, turizm, maishiy xizmat va IT-sektorda buyurtmalar hajmi sezilarli o‘sganini taʼkidladi.

Aprel-iyun oylarida tadbirkorlarning kredit va qarz majburiyatlari ham tez surʼatlarda o‘sdi. Xususan, kredit yuklamalari ortib borganini bildirgan korxonalar ulushi 26 foizdan 36 foizga ko‘tarildi.

Biroq ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi pasaydi. To‘liq quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi 52 foizdan 43 foizga tushib ketdi. Bu holat aloqa va axborotlashtirish, kommunal xizmatlar, taʼlim va qurilish sohalariga salbiy taʼsir ko‘rsatdi.

So‘rovda ishtirok etganlar biznes uchun asosiy to‘siq sifatida gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar, ijara haqining o‘sishi, avtomobil yoqilg‘isi narxining ko‘tarilishi, shuningdek, maʼmuriy aralashuvni qayd etishdi. Maʼmuriy aralashuv bo‘yicha shikoyatlar ham ko‘paygan.

Respondentlarning yarmidan ko‘prog‘i yoqilg‘i va energiya isteʼmoli yana-da ortishi mumkinligini kutmoqda. Biroq buyurtmalar hajmi va qo‘shimcha ishchi kuchiga talab bo‘yicha prognozlar biroz pasaygan. Yaqin vaqtda esa qishloq xo‘jaligi, maishiy xizmat, tibbiyot va turizmda yuqori faollik kutilmoqda.

Qo‘shimcha kreditlarga ehtiyoj sezayotgan kompaniyalar soni biroz ortgan. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish va yetkazib berish sohalarida qarz mablag‘lariga talab o‘sishi kutilmoqda.

Kelgusi uch yil ichida so‘rovda qatnashganlarning 57 foizi (+4 foizlik punkt) iqtisodiy va biznes istiqbollari yaxshilanishiga umid qilayotganini bildirgan. Shu bilan birga, salbiy o‘zgarishlarni kutuvchilar ulushi ikki barobarga qisqarib, 19 foizdan 9 foizga tushdi. Qolgan 27 foiz esa o‘zgarish bo‘lmasligini taxmin qilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling