O‘zbekistonda «Ayolga hurmat» haftaligi o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 3–10 mart kunlari O‘zbekistonda Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan «Ayolga hurmat» haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda Oila va ayollar qo‘mitasi maʼlum qildi.
Tadbirlar Vazirlar Mahkamasi protokoliga muvofiq tashkil etilib, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Haftalik doirasida islohotlarning amaliy natijalariga bag‘ishlangan mediatanlovlar hamda tantanali uchrashuvlar tashkil etiladi.
Tadbirlar davomida 890 nomzod orasidan jamoat va davlat hayotida faol ishtirok etgan 331 nafar ayol «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
«Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ayollar, shuningdek, faxriylar «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, muzeylar, teatrlar, kino va konsertlarga imtiyozli asosda tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Haftalik doirasida ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan kitob va bukletlar taqdimotlari o‘tkaziladi. Maktab o‘quvchilari orasida «Ona – oilamiz ramzi, mehr manbai» mavzusida insholar tanlovi tashkil etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar ishtirokida «Ayolga hurmat – mehr va adolat belgisi», «Ona – mehr manbai», «Onam bilan faxrlanaman», «Mening yurt ravnaqiga hissam» kabi fleshmob va chellenjlar o‘tkaziladi.
«Sen har doim eʼtibor markazidasan!» shiori ostida mahallalarda «tibbiy avtobuslar» faoliyat yuritadi. Ular orqali ijtimoiy yordamga muhtoj ayollar batafsil tibbiy ko‘rikdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Axloq tuzatish muassasalarida madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Oila va ayollar qo‘mitasi huzuridagi «Oqila ayollar» harakati va «Ayol maʼrifati» jamoat kengashi aʼzolari ishtirokida «Ayol maʼnaviyati», «Ona bo‘lish baxti», «Muammoli vaziyatlar va oqilona yechimlar», «Muloqot psixologiyasi», «Sog‘lom ovqatlanish» va «Sog‘lom turmush tarzi» kabi mavzularda mahorat darslari va treninglar tashkil etiladi.
Shuningdek, mahallalarda tikish-bichish, oshpazlik va bog‘dorchilik bo‘yicha mahorat darslari ham o‘tkaziladi.
«Aziz yurtdosh ayollarimiz, qimmatli qizlarimiz, „Ayolga hurmat“ haftaligi tadbirlarida faol ishtirok eting!» – deb chaqiriq qildi qo‘mita.
Ko‘plab davlatlarda Xalqaro xotin-qizlar kuni anʼanaviy ravishda tenglik va kamsitishga qarshi aksiyalar, marshlar hamda solidarlik tadbirlari bilan nishonlanadi.