O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida 52 metrli va 5 metr balandlikdagi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da 10 dan ortiq miniatyura joylashtiriladi. Ular Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘lib, 50 ga yaqin rassom tomonidan ishlanmoqda.
Miniatyuralar Hirot, Buxoro, Samarqand maktablari asosida tayyorlangan. Devorda asosan allomalar, sivilizatsiyalar va kashfiyotlar mavzusi aks etgan. Sheroz, Isfahon kabi maktablar uslubidagi miniatyuralar tanlanmagan. Rasmlar yuqori sifatli mato va Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlangan.
Markaziy qismda Amir Temurning “Balx qurultoyi”da toj kiyishi, uning ilm-fan va meʼmorlikdagi hissasi, Bibixonim masjidining qurilishi, Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi kabi mavzular aks ettiriladi. Shuningdek, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Bobur va boshqa tarixiy shaxslar hamda ularning davridagi madaniy muhit tasvirlanadi.