O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–may oylarida qurilish ishlari hajmi 91 trln so‘mdan oshdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning yanvar-may oylarida, O‘zbekiston Respublikasida jami 91 621,5 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 110,0 % ni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi
2025 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston Respublikasida bajarilgan qurilish ishlarining iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha: - binolar va inshootlar qurish yo‘nalishi 68,4 % ulushni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 104,3 % ni tashkil etdi;
- fuqarolik obyektlarini qurish yo‘nalishi 20,7 % ulushni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 121,4 % ni tashkil etdi;
- ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari yo‘nalishi 10,9 % ulushni va 2024 yilning mos davriga nisbatan 130,3 % ni tashkil etdi.
Yirik qurilish tashkilotlari tomonidan 2025 yilning yanvar-may oylarida bajarilgan qurilish ishlari hajmi 21 914,3 mlrd so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 118,4 % ni, umumiy hajmdagi ulushi 1,7 % ga ko‘payib, 23,9 % ni tashkil etdi.
Shuningdek, jami qurilish ishlari hajmining 51,2 % i kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 107,7 % ni tashkil etgan holda 46 905,2 mlrd so‘m miqdorida qayd etildi.
Norasmiy sektorda qurilish ishlarining ulushi 24,9 % ni yoki 22 802,0 mlrd so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 107,2 % ni tashkil etdi.
Yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlarining eng yuqori o‘sish surʼatlari Andijon (2024 yilning mos davriga nisbatan 225,3 %), Jizzax (187,3 %) va Toshkent viloyatlarida (179,2 %) qayd etildi.