Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 1-yanvar soat 17:00 holatiga ko‘ra, mamlakatimizda jami 1040 nafar chaqaloq dunyoga keldi.
Ularning 492 nafari o‘g‘il, 548 nafari qiz.
Eng ko‘p tug‘ilish Farg‘ona viloyatida (154 nafar) qayd etildi.
Shuningdek, hududlar kesimida keyingi o‘rinlarni: Qashqadaryo viloyati (119 nafar), Toshkent shahri (112 nafar), Samarqand viloyati (101 nafar), Surxondaryo viloyati (89 nafar) band etdi.
Eng kam tug‘ilish esa Navoiy viloyati (18 nafar) hissasiga to‘g‘ri keldi.
E’tiborlisi, tug‘ilganlar orasida 7 egizak (jami 15 nafar bola) bor, ya’ni 12 nafari ikki homilalik, 3 nafari esa uch homilalik egizakdir.
Ayni paytda shifokorlarimiz go‘daklarning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Yurtimizda davom etayotgan dam olish kunlarida qator tibbiyot muassasalari bilan birga, tug‘uruq komplekslarida ham tibbiyot xodimlari ishlamoqda. Jumladan, bayram kunlari respublika bo‘ylab 6192 nafar akusher-ginekolog, neonatolog, doya hamda hamshiralar navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda 2020-yilning shu davrida jami 1111 nafar, 2021-yilda — 1086 nafar, 2022-yilda — 1448 nafar, 2023-yilda — 1312 nafar, 2024-yilda — 1043 nafar chaqaloq dunyoga kelgan edi.