Valyuta kurslari 18/03/2025
$1 – 12943.39
UZS – -0,08%
€1 – 14108.30
UZS – 0,36%
₽1 – 153.70
UZS – 1,7%
Qidirish
Iqtisod 18/03/2025 O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi Bitimga qo‘shilmoqda

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi Bitimga qo‘shilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006-yil 12-yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Bitimning asosiy maqsadi – investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishdir.

Mazkur hujjatga ko‘ra, ushbu bank o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umumeʼtirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va meʼyorlariga muvofiq amalga oshirishi, shuningdek, Bank nizomi ushbu Bitimga ilova qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Bank Nizomida Yevroosiyo taraqqiyot banki faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda Bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.

Bundan tashqari, Yevroosiyo taraqkiyot banki ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘plashi, tizimlashtirishi va tahlil qilishi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga aʼzo bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratishga, uning faoliyati doirasida to‘liq va samarali ishtirok etish huquqini taʼminlashga, shuningdek Bankga aʼzo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashishga, savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.

Bo'lishmoq:

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling