Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
O‘zbekiston 27/06/2025 O‘zbekiston Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shildi

O‘zbekiston Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963-yil 21-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi natijasida fuqarolik yadro obyektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar tatbiq etiladi. Shuningdek, yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi taʼminlanadi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani taʼminlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.

Qayd etilganidek, Vena konvensiyasiga qo‘shilish zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini taʼminlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasidagi zamonaviy standartlarga rioya etilishini taʼminlaydi.

O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi yadro energetikasi va xavfsizligi sohasida xalqaro huquqiy maydonga kirishini taʼminlashga, yadroviy xavfsizlikni kafolatlashga, yadroviy zarardan jabrlanuvchilarning huquqlarini munosib himoya qilishga, davlatning yadro energetikasi sohasidagi masʼuliyatini aniq belgilashga hamda yadro energetikasi sohasida sug‘urta tizimi va kompensatsiya mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik aloqalari yana-da kengayadi va uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari faollashadi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling