Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Xitoyning “Shanghai Oriental Credits Industrial Development Co., Ltd.”(SINOMACH) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Unda Xitoyning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, yer resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlarni joriy etish va yuqori samaradorlikka erishish borasida muhokama olib borildi.
Uchrashuv avvalida bugungi kunda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari tobora rivoj topayotganligi, ayniqsa paxtachilik, yangi innovatsion texnologiyalar sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalari ravnaq topayotganligi aytib o‘tildi.
O‘z navbatida, "SINOMACH" kompaniyasi vakillari qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasida "Agri Cloud" platformasiga egaligini, bu platformani O‘zbekistonda ham joriy qilish borasida o‘z takliflari borligini ma’lum qilishdi hamda taqdimotlarini o‘tkazishdi.
Mazkur kompaniya ichki va tashqi resurslarini integratsiyalash, shuningdek, sanoatning raqamli transformatsiyasini ilgari surishga qaratilgan strategik yangi sanoat platformasi vazifasini bajaradi. Kompaniya “Agri Cloud” va “Industry Cloud” loyihalarida ish olib boradi. Bu o‘z navbatida sanoat rivojlanish ehtiyojlariga qaratilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalari uchun ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda xizmat qiladi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasida sun’iy intellektdan foydalanishni yanada kengaytirish borasida ham muhokamalar olib borildi.
Uchrashuv yakunida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishda Xitoy tajribasini o‘rganish, bu borada ishchi guruh shakllantirish hamda takliflar ishlab chiqqan holda, mamlakatimizda ushbu platformani tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olindi.