O‘zbekiston va ZTE telekommunikatsiya va IT-autsorsing sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyda ZTE korporatsiyasining MDH va Osiyo davlatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Mey Jenxua bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara chog‘ida so‘nggi yillarda kompaniya bilan hamkorlikda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, mobil aloqa operatorlari tarmoqlarini modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar ZTE korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasida IT-autsorsing yo‘nalishida yangi salohiyatlarni oshirish bo‘yicha rejalar borligi qayd etildi.
Uchrashuv doirasida ZTE korporatsiyasi va O‘zbekistonning aloqa va telekommunikatsiya sohasidagi yirik operatorlari o‘rtasida bir qator shartnomalar va kelishuvlar imzolandi.
Shu bilan birga, delegatsiya kompaniyaning yangi texnologiyalari bilan ham tanishdi.
ZTE korporatsiyasi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari mamlakatda zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, raqamli xizmatlarni ommalashtirish va IT-autsorsing salohiyatini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.