O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro yoshlar palatalari biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro yoshlar palatalari ishtirokida biznes-forumi o‘tkazildi.
Ushbu forum Prezidentining 2024 yil 30 avgustdagi PF–132-sonli farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro bozorga chiqishga rag‘batlantirish hamda chet el yoshlari bilan o‘zaro do‘stona va manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Forumda dunyodagi 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan va 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 200 mingdan ziyod yosh yetakchi va tadbirkorni birlashtirgan Xalqaro yoshlar palatasi (JCI) vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda mazkur tashkilot vakolatxonasi 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u mamlakatimiz yosh tadbirkorlari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining taklifiga binoan Yaponiyadan IT, qurilish, avtomobilsozlik, arxitektura va dizayn, taʼlim, oziq-ovqat sanoati, chakana savdo, burg‘ulash va qazish ishlari sohalarida faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin yetakchi tadbirkor tashrif buyurdi.
Forum doirasida ular O‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan davra suhbatlari va B2B uchrashuvlarda ishtirok etib, ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi JCI Uzbekistan bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash va kelgusidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda OISCA bilan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlarni hamda yashil iqtisodiyot tamoyillariga asosan faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
OISCA — 1961 yilda tashkil etilgan, Yaponiyada joylashgan xalqaro nodavlat tashkilot bo‘lib, asosan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, 41 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi – inson resurslarini rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq jamiyatlarini mustahkamlash orqali barqaror rivojlanishni taʼminlashdir.
Tadbir yakunida yaponiyalik mehmonlar uchun milliy taomlar — o‘zbek oshi va tandir somsa tayyorlash jarayonlari namoyish etildi hamda ularni tatib ko‘rish imkoniyati yaratildi. Bu mehmonlarda O‘zbekiston madaniyati va anʼanalariga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi.