Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatorini qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yoshlarni yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda masofaviy xizmatlar ko‘rsatish (BPO) yo‘nalishidagi imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda vazir Sh. Shermatov Yaponiya texnologiyalari va tajribasining O‘zbekistonda IT ekotizimini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.
Vazir mamlakatimizda IT xizmatlari eksportini oshirish, xalqaro kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Shu jumladan, O‘zbekistonda yoshlarni zamonaviy kasblarga, xususan, dasturlash, sun’iy intellekt va boshqa sohalarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.
Tomonlar BPO yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekiston yoshlarini masofaviy xizmatlar ko‘rsatish tizimiga jalb qilish orqali ularning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish mumkinligi qayd etildi. Ushbu yo‘nalishda IT Park infratuzilmasidan samarali foydalanish, yapon tilini o‘rgatish dasturlarini kengaytirish va Yaponiya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Elchi Takashi Xatori Yaponiya O‘zbekiston bilan texnologik hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidlab, mamlakatlar o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. Shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistonda IT xizmatlarini kengaytirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.