Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yandex kompaniyasining Global bosh ijrochi direktori Daniil Shuleiko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Vazirlik va Yandex o‘rtasidagi strategik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish hamda bu boradagi amaliy loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yurtimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish uchun Yandex bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bir qator istiqbolli yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.
Jumladan, sun’iy intellekt yo‘nalishida kompaniya tajribasidan foydalanish orqali loyihalarni amalga oshirish, uni davlat boshqaruvida qo‘llash imkoniyatlari, xizmatlarni avtomatlashtirish va mahalliy IT-kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Yandex texnologiyalari va innovatsiyalari asosida ma’lumotlar almashish jarayonlarini optimallashtirish va xizmatlarini yanada tezkor qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, yoshlarga zamonaviy IT bilimlarni berish, ularni xalqaro bozorda raqobatbardosh bo‘lishlari uchun zarur ko‘nikmalar bilan ta’minlash bo‘yicha Yandex’ning ta’lim loyihalari o‘rganildi. Xususan, dasturlash, sun’iy intellekt va data-analitika yo‘nalishida qo‘shma loyihalar tashkil etish takliflari ko‘rib chiqildi.
Mazkur uchrashuvda ko‘tarilgan barcha masalalar Vazirlik va Yandex kompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.