Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
Iqtisod 11/06/2025 O‘zbekiston va XVJ soliq siyosati hamda soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va XVJ soliq siyosati hamda soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 5–16 iyun kunlari O‘zbekistonda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning  soliq siyosati va maʼmuriyatchiligini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan missiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Delegatsiyaga XVJning Fiskal ishlar departamenti bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shafik Xebous boshchilik qilmoqda.

Missiya doirasida 10-iyun kuni XVJ vakillari bilan Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida soliq maʼmuriyatchiligini optimallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan IT-park, erkin iqtisodiy, sanoat va boshqa zonalar rezidentlariga foyda solig‘i bo‘yicha taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarining samaradorligi masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga oid masalalar, shu jumladan, norasmiy daromadga ega fuqarolar orasida soliq qonunchiligiga ixtiyoriy rioya etilishini yuksaltirishga qaratilgan mexanizmlarni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.

Bundan tashqari, ayrim davlatlardagi soliq yukini kamaytirish uchun  "shartnomalar orqali manipulyatsiya qilish"  (treaty shopping) – ya'ni ikki yoqlama soliq solishga yo'l qo'ymaslik haqidagi xalqaro shartnomalarni suiiste'mol qilish bilan bog'liq muammolarga ham to'xtalib o‘tildi. 

Missiya yakunlariga ko‘ra, XVJ tomonidan O‘zbekiston soliq tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tahliliy xulosalar va aniq tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobot tayyorlanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling