O‘zbekiston va Xorvatiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Xorvatiya Respublikasi iqtisodiyot vaziri Ante Shushnyar o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, institutsional asosda o‘zaro aloqalarni kuchaytirish hamda joriy yildagi o‘zaro tashriflarga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, sanoat, transport va logistika, agro-sanoat kompleksi hamda turizm kabi ustuvor sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq amaliy qadamlar belgilandi.