Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yilning 14-15-dekabr kunlari "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, ilk bor Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi "China Railway Urumqi Bureau Group" rahbari Go Szyan, shuningdek, Lanyungan shahridagi "Lanyungan port kompaniyalar guruhi" MCHJ partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari va port prezidenti Van Guochao bilan muzokaralar olib bordi. Kun tartibida hamkorlik istiqbollari, multimodal tashuvlarni tashkil etish, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yuk aylanmasini ko‘paytirish, shuningdek, konteynerli blok-poyezdlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida muhim yutuqlarga erishildi, jumladan, "Temiryo‘lkargo" AJning Xitoydagi birinchi vakolatxonasi ochildi. Ushbu voqea Jamiyat uchun katta ahamiyatga ega, chunki u xalqaro ishtirokini kengaytiradi va multimodal tashishlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasining chegara punktlarida vagon va konteynerlarning kechikishi va turib qolishi masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘z hududlarida konteyner poyezdlari va vagonlar qatnovining tezlashuvi va harakatlanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida yuk tashish hajmini oshirish uchun sinergiyani to‘ldirish maqsadida "China Railway Urumqi Bureau Group" va "Lanyungan port kompaniyalari guruhi" MCHJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi.