Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Xitoy Xalq Respublikasining Guansi provinsiyasi Qishloq xo‘jaligi departamenti direktori o‘rinbosari Jiang Bo boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq qilish borasida muhokamalar olib borildi.
Uchrashuv avvalida joriy yilda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan, paxtachilik, urug‘chilik, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida rivoj topgani qayd etildi.
Muloqot davomida baliq ozuqasini ishlab chiqarish, chorvachilik, ularning kasalliklariga qarshi kurashish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi.
Bundan tashqari, ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnologiyalari hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida ham muhokamalar olib borildi.
Bunda O‘zbekistondagi mavjud imkoniyat va talablarni o‘rgangan holda aniq takliflar ishlab chiqish borasida Xitoy delegatsiyasi o‘rganish olib borayotganligini ma’lum qildi.
Shu o‘rinda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Vazirlik vakolat doirasida har qanday yordamga tayyorligini bildirib o‘tishdi. Uchrashuv yakunida qishloq xo‘jaligining bir nechta tarmoqlari bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish hamda bu borada kelgusida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.