Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim joriy etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim har ikki davlatda zarur ichki davlat protseduralari yakunlangandan keyin kuchga kiradi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
2024-yilning 1-dekabr kuni Chendu shahrida O‘zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Prezidenti va Xitoy Raisi o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq imzolangan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlashicha, mazkur bitim ikki davlat fuqarolarining vizasiz safar qilish tartibini belgilaydi. Hujjat fuqarolarga 30 kungacha bo‘lgan muddatda kirish, chiqish yoki tranzitda vizasiz harakatlanish imkonini beradi.
Vazirlik qayd etishicha, bitim zarur ichki davlat protseduralari tugallangandan so‘ng kuchga kiradi.