O‘zbekiston va Xitoy inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribalarni almashmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19 avgust kuni Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to‘g‘risida" nomli kitobi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Anjuman 14-chaqiriq Umumxitoy qo‘mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy aʼzosi, Milliy va diniy ishlar bo‘yicha komissiya boshlig‘ining o‘rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi doirasida tashkil etildi.
Seminar milliy xususiyatlar va xalqaro majburiyatlarni hisobga olgan holda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish uchun qulay huquqiy-maʼrifiy maydonga aylandi. Inson huquqlarini huquqiy tartibga solish va institutsional jihatdan taʼminlash sohasida tajriba almashish, gumanitar va akademik sohalardagi hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda ikki mamlakatning akademik va ilmiy doiralari, davlat hokimiyati organlari vakillari, parlament aʼzolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar namoyandalari ishtirok etdi.
Seminarda Nankay universiteti qoshidagi Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha markaz professori Chan Szyan, Siyosiy fanlar va huquq bo‘yicha janubiy-g‘arbiy universitetning Inson huquqlari instituti professori Chjao Shukun va Szinan universitetining Jurnalistika va kommunikatsiyalar instituti namoyandasi Chjen Lyan maʼruza qildi.
Xitoy tomoni vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida mamlakatda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralarini yuqori baholadi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydonlarda ilgari surgan tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu saʼy-harakatlar mintaqaning barqaror rivojlanishi va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashishi, davlatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
O‘zbekiston tomonidan – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i professor Muzaffarjon Mamasiddiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi rahbari Azamat Pardayev, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Govherjon Yuldasheva, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov maʼruzalari tinglandi.Seminar ishida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy strategiyalarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashinuvlar katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar huquqiy muloqot va institutsional hamkorlikni rivojlantirish inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.
So‘zga chiqqanlar inson huquqlari sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan ilmiy-maʼrifiy tashabbuslarning ahamiyatini yuqori baholadilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy universitetlari va ilmiy markazlari o‘rtasida qo‘shma tadqiqot loyihalari va akademik almashinuvlarni rivojlantirish muhimligiga eʼtiibor qaratdilar.
Seminar yakunida tomonlar, jumladan, inson huquqlari sohasidagi zamonaviy tahdidlarni chuqur o‘rganish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan qo‘shma forumlar, seminarlar va ekspert uchrashuvlarini tashkil etish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Inson huquqlari masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni rivojlantirish O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ishonch va uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishi yakdil eʼtirof etildi.