Valyuta kurslari 15/08/2025
$1 – 12581.97
UZS – 0,67%
€1 – 14698.26
UZS – 0,27%
₽1 – 157.75
UZS – 0,61%
Qidirish
Iqtisod 15/08/2025 O‘zbekiston va Xitoy farmatsevtika va biotexnologiya sohasida hamkorlikka oid beshta memorandum imzoladi

O‘zbekiston va Xitoy farmatsevtika va biotexnologiya sohasida hamkorlikka oid beshta memorandum imzoladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Xitoyga xizmat safari doirasida yana bir qator uchrashuvlarni amalga oshirdi.

Venchjou tibbiyot universiteti rahbariyati bilan uchrashuvda taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik, texnologiyalar transferi, klinik amaliyotlarni joriy etish va O‘zbekistonlik talabalar va shifokorlar uchun tajriba almashish va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Venchjou shahridagi "Eye Valley" innovatsion klasterining tadqiqot markazlari va laboratoriyalari bilan tanishildi. Uchrashuvlar yakunida Venchjou tibbiyot universiteti, Eye Valley innovatsion klasteri va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘rtasida uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Uxan shahrida Langtian Pharma Group ishlab chiqarish maydoniga tashrif buyurildi. Tashrif davomida “Tashkent Pharma Park” loyihasi va O‘zbekistondagi investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Kompaniya vakillari tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirildi. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Zhendong Health Industry Group rahbariyati bilan uchrashuvda hamkorlik va investitsiya kiritish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv davomida Zhendong Health Industry Group hamda Ozwell Biopharm (O‘zbekiston) kompaniyalari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanib, O‘zbekistonda zamonaviy laboratoriya barpo etish loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi tomonidan Xitoyga xizmat safari davomida farmatsevtika, biotexnologiya, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish yo‘nalishida 25 dan ortiq kompaniya vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi va 5 ta anglashuv memorandumi imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling